«Yoshligimdan menga turmush qurgandan keyin ajrashib ketish inson hayotidagi eng katta xato ekani uqtirib kelingan. Ammo har qanday vaziyatda ham oilani asrab qolishga intilish kerakligini bilsam ham, hali-hamon erim bilan munosabatlarimizni yo'lga sololganimcha yo'q. Juda qiziq!
Qiz bola uzoq vaqt orzusidagi oq otli shahzodasi kelishini kutadi, niyatlar qiladi va kunlardan bir kun mutlaq o'zgacha, ehtimol, o'zi sira kutmagan odamga turmushga chiqadi hamda u bilan butun umr yashaydi. Hattoki uning uchun o'zini qurbon qilishgacha boradi. Sevgi deganlari shu bo'lsa kerak!» Turmush qurganimizga besh yil bo'lsa ham, erimni haligacha yangi kelinlardek kutaman. O'tgan yillar ichida biz eng katta baxt — ota-onalik baxtiga erishib, ikki qizli bo'ldik. Ammo shu kunlarda negadir baxtimizga ko'z tekkanday.
Erim aynan qaysi sabab tufayli men bilan ajrashishni istayotganiga tushuna olmayapman. Nazarimda, buni o'zi ham unchalik tushunmayapti. Biroq o'zingni fido qilgan, ishongan insoningdan bu gapni eshitish cheksiz azoblarga ko'mar ekan.
— Senga uch oy avval qat'iy qarorimni aytgandim. Yana aytaman, ajrashamiz!
U oynaga qarab sochlarini to'g'rilab, kostyumini kiyarkan, «O'sha yerga boramiz, dedimmi, boramiz!» degandek, shunchaki gapirardi. Ichimni o'sha dam it tirnab, yuragim dukillab urayotganini nahot u sezmayapti?! Axir u ko'z ochib ko'rganim, farzandlarimning otasi, yagona sevikligim, Xudo taqdirimga bitgan jufti halolim-ku.
— Nimalar deyapsiz o'zi?! — dedim past, lekin alamli ovozda. — Buncha shu gapga yopishib oldingiz?
— Sen-chi? — erim men tarafga ilkis o'girildi. — Sen buncha oyoq tirayapsan ajrashmaslik uchun?
— Axir… — duduqlanib qoldim. Aytarli sabab yo'qday nima deyishni bilmasdim. — Axir o'rtada bolalar…
— Hali shungamidi? — boshini mag'rur ko'tardi erim. — Menga qara, qizlarimni juda yaxshi ko'raman. Men nomard emasman, ularni ta'minlab turaman, uy olib beraman. Darding shu ekan, aytmaysanmi ertaroq?
Eshik zarb bilan yopilganini eshitib, o'zimga keldim. «U hozir nima dedi?!» deya takrorlardim o'zimga-o'zim. «Nima uchun ajrashishga ko'na qolmayapsan?» degan savoliga bolalarni ro'kach qilishim, g'ururim sababli ekanini, aslida esa faqat bir inson bilan hayot kechirmoqchiligimni u qaerdan ham tushunsin! Juda ko'p ayollar «Bolalarim yetim qolmasligi uchun…», deya turmushini saqlab qolishga intiladi. Ammo ularning orasida erini chin qalbdan sevadiganlari, uni yo'qotib qo'yishdan qo'rqadiganlari ham yo'q emas.
Kech kirguncha o'rtanib yurdim. Qizlarim atrofimni aylanib, bir-biri bilan o'ynashar, men esa oilamni qanday asrab qolish haqida o'ylardim. Eshik qo'ng'irog'i chalinganda, qizlarim «Dadam keldi!» deya qichqirib yuborishdi, men ham doimgiday xursand bo'lib, ostonaga yugurib bordim.
— Ie, o'zimning asal qizlarim! — deya erim qo'lidagi narsalarni menga tutqazarkan, qizlarini dast ko'tarib oldi. — Sizlarni judayam sog'inib ketdim.
— Kimni ko'proq sog'indingiz? — dedi katta qizim mahmadonalik bilan.
— Meni, meni sog'ingansiz-a? — kenja qizim yig'lamoqdan beri bo'ldi.
— Ikkalangizni ham sog'indim, barobar sog'indim!
Erim qizlarni bag'ridan tushirmay, ichkariga kira boshladi. Men esa unga hamon tikilib turardim.
— Oyimni-chi? — katta qizim menga ishora qildi. — Oyimni ham sog'indingizmi?
Jimlik. Qani endi shu payt menga qarab bir kulsa-yu, «Sog'indim!» desa… Lekin u indamadi, gapni boshqa yerga burib, xarid qilgan shirinlik va sovg'alarini ularga ulasha boshladi. Esimda, endi turmush qurgan kezlarimiz ishdan kelardi-da, atrofimda parvona bo'lib, «Meni sog'indingmi, aytaqol endi, sog'indingmi?» deya savol beraverardi.
Erta turib, odatdagiday nonushta tayyorlashga kirishdim va erimni uyg'otdim.
— Qarang, siz yoqtirgan shirinlikni pishirdim!
— …
— H-haligi, choy sovimasin, oling!
— …
— Havo issiqmi, derazani ochib qo'yaymi-a?
— Buncha ko'p gapirasan, jim o'tirsang-chi!
Uning sovuq muomalasi ko'nglimga nashtardek sanchilishiga qaramay, qarshisida jilmayib o'tiraverdim. Biror narsa kerak bo'lib qolsa, undan avval o'rnimdan turib, olib berishga odatlanganman. Biroq oxirgi paytlarda mana shu odatim ham uning g'ashiga tekkanday, yuzini burishtiradi. Ayol itoatli, uy ishlariga usta va muloyim bo'lsa, oilasi tinch bo'ladi, deb eshitgandim. Lekin qani o'sha tinchlik?! U mendan kundan kunga uzoqlashib, hatto ajrashish tadorigini ko'ryapti-ku. Erimni ishga kuzatib, uy ishlariga sho'ng'idim. Keyin qizlarim bilan o'ynadim. Kechga yaqin esa telefon jiringladi, go'shakni ko'tarsam, qadrdon dugonam ekan.
— Shunday gaplar! — dedim u bilan sirlasharkanman, dardimni aytib.
— Eringning boshini bironta jodugar aylantirib olgan bo'lmasin tag'in! — dedi u vahima bilan.
— Bundayga o'xshamaydi!
Gap aynan nimada ekanini bilmasam ham, dugonamning so'zlaridan qo'rqib ketgandim. Dardim o'zimga yetmagandek, endi ichimni rashk alami ham tirnardi. Kechki payt bamaylixotir televizorga tikilib o'tirgan erim bilan dildan gaplashgim, nima uchun o'zgarib qolgani, ajrashishni xohlayotganini bilishni istadim.
— Siz bilan gaplashib olmoqchiman.
— Gapir, — dedi u televizordan ko'zini uzmay.
— Nega birdan o'zgarib qoldingiz? — o'ylab-o'ylab topgan savolim shu bo'lgandi.
— Bu haqda juda ko'p gaplashdik. Undan ko'ra ajrashishga rozilik ber, — dedi erim pultni bosarkan, kanallarni o'zgartirib. — Tinchgina, urish-janjalsiz.
— M-men, m-men, — birdan yig'lab yubordim, — hech qachon urush-janjal qilmaganman-ku!
U televizorni o'chirdi-da, menga tikilib qoldi. Nazarimda, ko'z yoshlarimni ko'rib achindi chog'i.
— Qo'ysang-chi, nega yig'laysan? Yosh bola bo'lmagin.
— Sizga nima yomonlik qildim o'zi, hayronman?!
— Sen menga yomonlik qilmagansan! — uf tortgancha boshini orqaga tashladi erim. — Ba'zi ayollarga o'xshab janjal ko'tarish, haddidan oshish, o'zboshimchalik kabi bema'ni odatlaring ham yo'q. Biroq bilasanmi, sen bilan yashashni istamayman.
— Boshqa ayol…
— Hech qanday ayol yo'q! — qat'iy gapirdi u. — O'tinaman, yig'lab yuragimni siqma. Bo'ldi, bor, uxla!
Erim achingannamo qiyofada biroz qarab turdi-da, ketdi. Ammo uning rahm-shafqatga to'la nigoh bilan qaragani izzat-nafsimga tekkan, endi menga alam qila boshlagandi.
Ertasi kuni yoshlikdan birga o'sgan dugonamga qo'ng'iroq qilib, unga dardimni aytdim. U gaplarimdan tutaqib, tezda yonimga yetib keldi.
— Yoshing o'ttizga yetyapti-yu, sen hatto ko'chada uchrashishga qo'rqasan! — dedi u eshikdan kira solib, qoshlarini chimirarkan.
— Erimdan ruxsat so'ramagandim-da, qolaversa, ko'chalarni ham yaxshi bilmasam…
— Xudo jonini olsin o'sha eringning, bildingmi, naq jonini olsin!
Yoshlik kezlaridanoq shaddodligi bilan ajralib turadigan dugonamning fe'l-atvori menikiga umuman o'xshamasdi. U doim har qanday vaziyatda meni qo'llar, «Og'zingdagi oshni oldirib qo'yadigan laqmasan», deya koyishdan charchamasdi. U ovqatdan tez-tez yeb kavshanarkan, ko'zlarini katta-katta ochdi.
— Xo'sh, endi gapir, nima bo'ldi? Nega yig'layotganding?!
— O'zing bilasan,
erimning chizgan chizig'idan chiqmayman. Doim atrofida parvonaman! — dedim va birdan yana ko'zlarimda yosh qalqdi.
— Obbo, tag'in yig'i-sig'imi?! — dedi u kulgili tarzda og'zi to'la ovqat bilan gapirarkan. — Agar bilsang, erkaklar yig'loqi xotinlarni hurmat qilmaydi. Ularning yonida ko'z yoshi to'ksang, chunonam maza qilishadiki! Sening eringning ham burni ko'tarilib ketgan chog'i. Demak, sen u bilan haddan tashqari yaxshi munosabatda bo'lgansan. Bunday yo'l tutamiz…
Dugonam menga bir olam maslahat berib, uyiga jo'nadi. Biroq uning aytganlariga amal qilish, o'zimni butkul befarq ko'rsatish oson emasdi. Shunga qaramay, harakat qilishga majbur bo'ldim, axir o'rtada farzandlar bor!
* * *
Erta tongda garchi uyqum kelmasa ham, yotaverdim. Oshxonadagi taraqa-turuq ovozlarni eshitib, bechora erimga ichim achidi. U yonimga kirganini, tepamda indamay turganini bilsam ham, yotaverdim. Hoynahoy, «Nonushta tayyorlab ber», demoqchi bo'ldi-yu, gapirmadi va uydan chiqib ketdi. Kechga yaqin dugonam qo'ng'iroq qilib: «Ovqat tayyorlama, kelganida yoniga yugurib chiqma, biror qiziqarli narsani tomosha qilayotgandek, televizorga qarab kulib o'tiraver. Aytganday, pardoz qilish ham esingdan chiqmasin», dedi.
Xuddi dugonam aytgandek qildim. Televizorga qarab kulyapman-u, nima ko'rayotganimni ham bilmayman. Ishdan kelgan erimning esa negadir qoshlari chimirilgandi.
— Ovqat tayyorlamadingmi? — dedi u tamshanib qo'yarkan.
— Bugun kun bo'yi miriqib uxlabman, — dedim kerishib, — shunga hech hafsalam bo'lmadi. Bolalarni olib, biror joyga borib, ovqatlanarmiz.
— Hech qayoqqa borishni istamayman.
— Men biz bilan boring, deganim yo'q, shunchaki pul bersangiz, kifoya.
Bolalarni kiyintirib, o'zim ham yasan-tusan qilib oldim. Erim esa xuddi meni birinchi marta ko'rganday, hayratli nigohini menga qadab turardi.
— Ko'chada tuzuk-quruq yurishni bilmaysan-ku, yana o'zingcha restoranga bormoqchisan, — dedi u pul uzatarkan, menga boshdan-oyoq razm solib.
— Mustaqil bo'lish payti keldi, azizim, — uning so'zlari izzat-nafsimga tegib ketgani uchunmi, boshimni mag'rur ko'tardim. — Undan ko'ra puldan ko'proq cho'zing!
Yaxshiyamki, erim ba'zilarga o'xshab ziqna yoki asabiy emas. Aks holda, bir tushirib qolgan bo'larmidi shu gaplarim uchun. Ammo uning ortimdan termilayotganini ko'rib, o'zgacha bir zavqni tuyardim.
Shu tariqa oradan bir oy o'tdi. Garchi vijdonim qiynalsa ham, men uy ishlariga va na erimga deyarli qaramay qo'ydim. Avvalgiday u bilan gaplashishga urinmas, o'zimni bee'tibor ko'rsatar, yig'lashni-ku xayolimning bir chekkasiga ham keltirmasdim. Albatta, bu oson kechmadi. Biroq dugonamning «Baxting uchun kurash!» degan gapidan so'ng o'zimni qo'lga olib, kulib yurishga urinardim. Bu orada bolalarni bog'chaga joylashtirib, o'zim ham ish izlay boshladim.
— Bu gap qaerdan chiqdi? — dedi erim ishga kirmoqchiligimni eshitib. — Mendan bir og'iz so'radingmi?
— Ishlashning nimasi yomon?
Televizorga tikilarkanman, filmdagi yigitning kulgili harakatlarini ko'rib, birdan kulib yubordim.
— Yomon deyotganim yo'g'-u, lekin…
— Yana yiqilib tushdi! — deya takror kuldim ekrandan ko'z uzmay.
— N-nima? — dedi erim va yelkamdan tutib, o'ziga qarashga majbur qildi. — Esing joyidami, buncha kulaverasan? G'ashimga tegayotganingni bilasanmi?! Har bir harakating, kulishing, o'zgarib qolganing…
— Kechirasiz-u, borim shu.
Gapni qisqa qilib, o'rnimdan turib ketdim. Uning asabiylashishi, o'zini bosa olmayotgani ishga kirganimdan so'ng yanada ko'zga tashlandi. Meni bir narsa, u nima uchun ajrashish haqida gapirmay qo'ygani qiziqtirardi. Shunga qaramay, erimga nisbatan mutlaq bee'tibor qiyofada ko'rinishda davom etdim.
— Bu menga yoqmayapti! — dedi u kunlardan bir kun ishga ketayotganimda yo'limni to'sib.
— Sizni tushunmadim?
— O'zingni tutishing, kulaverishing, befarqliging, mustaqil bo'lib qolganing, umuman, bu vaziyatning o'zi menga yoqmayapti!
— Men hamon o'sha-o'shaman…
— Yo'q! Sen mutlaq o'zgarib qolding. Bunday munosabatni to'xtatishimiz lozim!
Men birdan xomush tortdim. Shu paytga qadar o'z vijdonim ustidan bekorga hukm qilganim, oilamni saqlashga urinib boshqacha ko'ringanim, kulib yursam-da, ich-etimni kemirganim va bularning bari behuda ketgani bir lahzaning o'zida meni ado qilayotgandi. Biroq endi ko'z yosh to'kish yoki oh-voh chekishni istamasdim.
— Nima ham derdim, ajrashsak, ajrasha qolaylik!
Bu gapni mag'rurlik bilan aytgan bo'lsam-da, yuragim zirqirab ketdi va ortimga o'girilib tezroq uydan chiqishni, to'yib-to'yib yig'lashnigina xohlardim. Biroq uning qo'llarini qo'limda his etdim.
— Men ajrashishni emas, yarashishni nazarda tutdim!
Erimning gaplari shunchalar titrab chiqdiki…
— N-nima?!
— Men ahmoq, bilmayman, nima jin urib, qadringga yetmagan ekanman. Shayton yo'ldan urgan bo'lsa kerak. Biroq o'zgarib qolganinggami, bilmayman, qandaydir isyonlar yuragimni zabt etdi. Ishonasanmi, seni yo'qotishdan qo'rqib ketdim. Menga avvalgiday mehribon bo'lishingni, shirin tabassum bilan kutib olishingni, o'z holingga qaytishingni juda-juda istayapman.
Ayni dam uning bu gaplarini qanchalar kutganimni hatto tasavvur ham qilolmasa kerak. Indamadim. Ich-ichimdan dugonamga minnatdorchilik bildirdim.
Mohigul DIYoRXO'JAYEVA